Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Axborot xizmati / Sohaga oid xabarlar » JAZIRAMADAN BOLALAR VA KEKSALARNI QANDAY HIMOYA QILISH KERAK?

JAZIRAMADAN BOLALAR VA KEKSALARNI QANDAY HIMOYA QILISH KERAK?

24-07-2026, 10:39
5

JAZIRAMADAN BOLALAR VA KEKSALARNI QANDAY HIMOYA QILISH KERAK?


Yoz faslida havo haroratining keskin ko‘tarilishi inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, bolalar, keksa yoshdagilar va surunkali kasalligi bor shaxslar issiqlik ta’siriga nisbatan sezgir bo‘ladi. Jazirama sharoitida organizmda suv tanqisligi, charchoq va hatto hayot uchun xavfli bo‘lgan issiq urishi holatlari yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun issiq kunlarda to‘g‘ri hayot tarzini saqlash, profilaktika choralariga amal qilish va xavf belgilariga e’tibor qaratish juda muhim hisoblanadi. Jazirama issiq kunlarda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida aholini qiziqtirgan savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Aqida Nosirova javob berdi.
Aytingchi, nima uchun kuchli issiq xavfli hisoblanadi?
Inson organizmi tana haroratini taxminan 36,5–37,5°C atrofida ushlab turadi. Atrof-muhit harorati yuqori bo‘lganda organizm asosan terlash va teri orqali qon aylanishini kuchaytirish hisobiga soviydi.
Havo harorati yuqori bo‘lsa — bu mexanizmlar samarasiz ishlaydi va tana harorati oshib ketadi. Bu esa issiqlikdan charchash va issiq urishiga olib kelishi mumkin.
Kunning eng issiq vaqti, ya’ni eng xavfli vaqt: 11:00–17:00
Kiyim — paxtali mato, och rangli, havo yaxshi o‘tadigan, keng kiyimlar. Bosh kiyim kiyish — majburiy.
Jismoniy faollik — turli o‘yinlar ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun tashkil qilinishi maqsadga muvofiq.
Bolalar uchun qanday tavsiyalar berasiz?
• chanqashni kutmasdan suv berish;
• har 20–30 daqiqada oz-ozdan suv ichirish;
• shirin gazli ichimliklar cheklanishi lozim.
Keksa yoshdagilar uchun tavsiyalaringiz:
Yoshi kattalarda chanqash hissi pasayadi, terlash kamayadi, yurak tezroq charchaydi. Shu sababli ular issiqlikdan ko‘proq zarar ko‘radi.
Tavsiyalar:
• kuniga muntazam suv ichish;
• xona haroratini 24–26°C atrofida saqlash;
• konditsioner yoki ventilyatordan foydalanish;
• og‘ir ishlardan voz kechish.
Ovqatlanish bo‘yicha qanday tavsiyalar berasiz?
Tarvuz, qovun, bodring, pomidor, ko‘katlar, mevalar, qatiq, ayron, sabzavotli ovqatlar kabi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish!
Yog‘li go‘sht, qovurilgan taomlar, juda sho‘r mahsulotlar, shirin gazli ichimliklar iste’molini kamaytirish lozim.
Issiq kunlarda qancha suv ichish zarur?
Sog‘lom kattalarda bir kunda 2–3 litr suyuqlik tavsiya qilinadi. Jismoniy mehnat yoki issiqlik yuqori bo‘lsa ehtiyoj ortishi mumkin.
Buyrak yoki yurak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlar suyuqlik miqdorini davolovchi shifokor tavsiyasiga muvofiq belgilashi kerak.
Issiq urishining qanday belgilari bor?
Erta belgilar:
• kuchli chanqash;
• charchoq;
• bosh og‘rig‘i;
• bosh aylanishi;
• ko‘ngil aynishi;
• kuchli terlash.
Og‘ir holat:
• tana harorati 40°C dan yuqori;
• hushning buzilishi;
• tirishish;
• tez yurak urishi.
Terining qizarishi va issiq bo‘lishi — bu hayot uchun xavfli holat hisoblanadi!
Birinchi yordam ko‘rsatish haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
Agar odamda issiq urishidan shubha qilinsa, quyidagi tavsiyalar beriladi:
  • darhol soya yoki salqin xonaga olib kirish;
  • kiyimlarini bo‘shatish;
  • sovuq nam sochiq bilan tana haroratini tushirish;
  • ventilyator yordamida sovitish;
  • agar hushi joyida bo‘lsa, oz-ozdan suv ichirish;
  • hushi yo‘qolgan, tirishish kuzatilgan yoki ahvoli og‘ir bo‘lsa, 103 tez tibbiy yordam chaqirish.
Nimalarni qilish mumkin emas?
  • issiq urishi bo‘lgan odamni muzdek suvga to‘satdan tushirish;
  • hushsiz odamga suv ichirish;
  • alkogol berish;
  • kuchli jismoniy mashqni davom ettirish;
  • bolani yopiq avtomashinada qoldirish (bir necha daqiqada ham salon harorati xavfli darajaga yetishi mumkin).
Xulosa qilib aytganda, jazirama issiq sharoitida asosiy profilaktika choralariga quyidagilar kiradi:
• yetarli miqdorda suv ichish;
• kunning eng issiq soatlarida ochiq quyoshdan saqlanish;
• yengil, och rangli kiyim va bosh kiyim kiyish;
• og‘ir jismoniy faollikni ertalab yoki kechqurunga ko‘chirish;
• salqin va yaxshi shamollatiladigan xonalarda bo‘lish;
• bolalar, keksa yoshdagilar va surunkali kasalligi bor shaxslarni alohida nazorat qilish.
Sanepidqo‘mita
Axborot xizmati



Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.